Yaponiya poytaxti Tokioda o‘tgan haftada
an'anaviy CEATEC texnologiyalar ko‘rgazmasi ish boshladi.
"Makuxari-messe” markazining ulkan ekspozitsiyasida 616 kompaniya,
jumladan, 196 xorij kompaniyasi qatnashdi.
Uch o‘lchamli tasvir
texnologiyalari ko‘rgazmadan alohida o‘rin oldi. Masalan, Toshiba
kompaniyasi uch o‘lchamli tasvirni maxsus ko‘zoynaklarsiz ko‘rish
imkonini beruvchi dunyodagi birinchi televizorlarni namoyish etdi. Ular
joriy yil dekabridan Yaponiya do‘konlarida paydo bo‘ladi.
Ko‘rgazma
doirasida ulkan uch o‘lchamli teatr tashkil etildi, unda energiya
ishlab chiqaruvchi va taqsimlovchi aqlli tizimlarga asoslangan kelajak
shahri hayoti namoyish etildi. Bu tizimlar kompyuterda boshqariladigan
qurilmalarni, shamol va quyosh generatorlarini birlashtiradi. O‘z
navbatida, energiya tejamkorligiga, atrof-muhitga zararli chiqindilar
chiqishi kamayishiga erishiladi.
Hitachi korporatsiyasi elektron
kitob va planshet kompyuterlar uchun mo‘ljallangan tejamkor
displeylarini taqdim etdi. Bu displeylar hozir ishlatilayotganlariga
qaraganda ikki baravar kam energiya sarflaydi.
Samsung
kompaniyasi Tokio ko‘rgazmasida ma'lumotlarni simsiz uzatish sohasidagi
so‘nggi yutuqlarini namoyish etdi. Tashrif buyuruvchilar Samsung va UQ
Communications kompaniyasi hamkorlikda ikkinchi avlod WiMAX
texnologiyasi asosida yaratgan tajriba tizimi bilan tanishishdi.
WiMAX
2 tizimi bir paytning o‘zida Full-HD 3D kontent va 16 Full HD videoni
to‘rtta alohida yirik ekranga uzata oladi. Ma'lumot uzatish tezligi 330
Mbit/soniyaga yetadi. Loyiha kelgusi oydan to‘liq yakuniga yetishi
kutilyapti.