Hammamiz bilamizki o’zbeklarda to’y va harhil marosimlar juda ko’p.
Qachonki to’yga taklif qilishsa oyim tog’ora dardiga tushardilar.
Vaqtlari bo’lsa o’zlari harhil pishiriqlar pishirardilar, vaqt yetmasa
bir tanishlariga "zakaz” yani buyurtma berardilar. Ana shunday
buyurtmalardan biri Rakushki pechenyesi edi. Tayyor tog’ora uyga
kelardi, men va ukam albatta ichidan bitta ikkita "o’g’irlardik”, oyim
urushib berardilar va dasturhonni yopib to’yga olib ketardilar. Bu
pechenyeni retseptini shuncha so’rasak ham oyimni tanishlari "firma
siri” deb bermasdi. Birkun jiyanimni tort pishirish kursiga
borayotganini bildim. Shu pechenyeni retsepti bormi deganimda,
onsonku!-deb birpasta yozib bergandi. Rostdan ham coca colani
retseptiday saqlanadigan retsept emas ekan, deyarli hardoim uyimizda bor
mahsulotlardan tayyorlasa bo’lar ekan. Faqatgina Turkiyada smetana
yo’qligi sababli men slivki ishlattim, mazasida katta farq yo’q.
Kerakli masalliqlar:
70 dona pechenye uchun
- 1 stakan smetana
- 250 gr margarin yoki sariyog’ (men sariyog’ ishlattim)
- 5 ta tuhum sarig’i
- 4 stakan un
- Yarim choy qoshiq hamir oshiruvchi modda (ruscha разрыхлитель теста)
Ichiga solish uchun beze:
- 5 ta tuhum oqi
- 1,5 stakan shakar
- Bir choy qoshiq limon suvi
Ustiga:
Tayyorlanishi:
1. Un va hamir oshiruvchi moddani yahshilab aralashtiramiz. Sariyog’
qo’shib qol’da yoki oshxona kombaynida aralashtiramiz, shunda un bilan
sariyog’ ushoqday holga keladi.
2. Yuqoridaki aralashmaga tuhum sarig’i va smetana yoki slivki qo’shib aralashtiramiz. O’rta qattiq hamir hosil bo’ladi.
3. Hamirdan zuvalalar uzib, to’p shakli berib, bir idishga terib
chiqamiz. Tayyor to’plarni holodilnikka 30-40 minutga qo’yib qo’yamiz.
4. 15-20 minutdan so’ng beze tayyorlashni boshlaymiz. Tuhum oqini
mikser yordamida ko’pirtiramiz, kam kam shakar solib ko’pirtirishni
davom ettiramiz. Shakar tugagandan so’ng limon suvi solib 1 marta
ko’pirtirib yuboramiz.
5. Hamirni holodilnikdan olib har bir zuvalani 1-2 mm qalinlikda
doira shaklida yoyib chiqamiz, ichiga 1 qoshiq beze solib, oldin ikkiga
keyin to’rtga tahlab pergament qog’ozi solingan idishga terib chiqamiz.
6. Oldindan isitilgan 150-160 daraja duhovkada 20-25 minut davomida pishirib olamiz.
7. Duhovkadan pechenyelarni chiqarib ustidan shakar upasini choy elagiga qo’yib yoki dokaga solib sepib chiqamiz.