Oq tulpor bulutlar uzra parvoz qilarmish. Ismat fermer yollaridan mahkam tutib, "chu, jonivor, chu!” deb baqirarmish. Ikki yonidan qanot o‘sib chiqqan tulpor yana va yana yuqoriga ko‘tarilarmish. Lekin shu payt qanotlari yo‘qolib, quyiga sho‘ng‘igan emish. "Chu, jonivor, chu” degancha uyg‘onib ketdi. Tepasida xotini turardi. – Tushingizda ham ot choptirib yuribsizmi? – jilmaydi u. Hamon garangsib turgan Ismat fermer o‘zini ot ustida uchib yurgandek his qilar, tushidagi holati yuzida yaqqol aks etib turardi. Fermer hovliga chiqdi. Tong yorishib kelardi. Uy oldidagi o‘rik g‘arq pishgan, yerga to‘kilib yotardi. Mayin shabada esar, daraxtlar shoxida chumchuqlar chirillar, yuz qadamcha naridan oqib o‘tuvchi soyning shovullashi eshitilar, qurbaqalar vaqillardi. Og‘il yonidagi katakda xo‘roz qichqirdi. Xo‘tikday keladigan it boshini ko‘tarib qaradi-da, yana avvalgiday yotaverdi... Fermer supada turgan obdastadan yuz-qo‘lini yuvib, o‘rik shoxiga ilingan sochiqqa artindi. Og‘ilga tushib, mol-holdan xabar oldi. Sigirlar kavsh qaytarib yotar, sim to‘rdan qilingan qo‘rada buzoqchalar mo‘ltirab qarab turardi. Otxonada saman qashqa beda chaynardi. Qashov bilan yaxshilab qashlab chiqdi. Otga bu xush yoqib, quloqlarini ding qilgancha kishnadi. Keyin qoziqqa ilig‘liq turgan jubduqni olib egarladi. Qizilqosh egar qashqaga yarashib tushdi. Ismat fermer otiga boshqacha ko‘z bilan qaraydi. Saman biyasining bolasi. Yoshligidan tarbiya qilgan. Hech kimga ishonmaydi. O’tgan yildan boshlab ko‘pkariga ham qo‘shdi. Qishloqdagi mohir chavandoz – Botir polvon chopib, zo‘r-zo‘r sovrinlarni oladigan bo‘ldi. Ortiga qaytdi. Xotini o‘rik ostidagi chorpoyaga ko‘rpacha solib, o‘rtadagi xontaxtani tuzab qo‘yibdi. Yengil nonushta qilib, dosturxonga fotiha o‘qidi. Endi o‘rnidan turmoqchi edi, ko‘cha eshikdan kirib kelayotgan G’ulom oqsoqolga ko‘zi tushdi. "Bir baloni boshlagan. Bekorga kelmaydi bu chol”, deya ichida to‘ng‘illadi. Kayfiyati badtar buzildi. Chorpoyadan tushib, qo‘l berib ko‘rishdi. Bir piyoladan choy ichishgach, oqsoqol muddaoga o‘tdi. – Shu, uka, sen bilan maslahatlashgani keldim. "Yana qanday maslahat? – o‘yladi fermer. – O’tgan yili qishloq ahli hashar qilib shifoxonani ta’mirlagan, kamina shiferini yangilab bergandim. Yana gardanimga nima yuklamoqchi bu?!”. G’ulom oqsoqol har yili mahallaga bosh bo‘lib, biror savob ishni boshlar, yakuniga yetmaguncha qo‘ymasdi. Hamma oqsoqol ishidan mamnun, og‘iz ochishini poylab turar, aytganini jon deb bajarardi. Birontasi ma’raka qilsa, albatta oldidan o‘tardi. Bu birgina Ismat fermerga yoqmas: "Hemiring yo‘g‘-u, osmondan kelishingga o‘laymi?” – deb ichidan g‘ijinardi. "Qo‘lim uzatgan joyga yetadi, oqsoqollik menga yarashadi”, – xiyol qilardi u. Buni sirtiga chiqarmas, oqsoqol oldida muloyim kulib turardi. Ismat fermer avvallari yuk mashina haydar, yem-xashak tashib kun ko‘rardi. Xizmat qilish savob deb har kim bergan pulni olib ketaverardi. Fermer bo‘ldi-yu, davlati ko‘payib, uch-to‘rt yildan beri batamom o‘zgardi. Orqavorotdan "ko‘rmaganning ko‘rgani qursin” degan gaplar bo‘ldi... – Xo‘sh, bizga qanday xizmat bor ekan, G’ulom aka? – Machitni ta’mirlayotganimizni bilasan. Ustini gumbaz qilib, darvozasini yangilashga yordam bersang. Qolganlar ham qo‘ldan kelgunicha harakat qilayapti. G’ulom oqsoqol ikki oydan beri eski machitni sozlashga kirishgandi. Oldini ayvon qildirdi. Kimdir taxtasi, kimdir shiferiga qarashdi. Birovi darvozasigacha tosh to‘ktirib berdi. Ko‘chadan kim o‘tsa, oqsoqol ikki-uch zambil shag‘alni ichkariga tashitib qolar, savob bo‘ladi derdi. Ismat fermer ilk maslahatga borgan, keyin o‘z tashvishi bilan bo‘lib, ko‘rinish bermay qo‘ygandi. – G’ulom aka, shu desangiz, mashinaga navbatga yozilib qo‘yuvdim. – to‘satdan shu gap og‘zidan chiqib, yuzi duv qizardi. – E-e, bu uncha shartmas. Bu yil niyat qilgandim. Haj safariga... gumbazga hazilakam pul... Oqsoqol ortiq hech narsa demay, o‘rnidan turdi. Fermer yerga tikilgancha jim qoldi. Ichidan zil ketdi. Saman qashqani minib dalasiga jo‘narkan, xato gapirib qo‘yganidan yuragi xijil tortardi. – E, – dedi oxiri, – nima, mendan boshqa gumbaz qildirib beradigan qurib ketibdimi? Kafilligini olganmanmi? Nima bo‘lsa Ismat fermer deb kelishadi. Dalasiga yetib kelgach, ko‘zlari bir oz quvondi. Bug‘doy g‘arq pishgan, beldan keladi. Azobli xayollardan qutulganday bo‘ldi. Besh-o‘n qadam yurgach, birdan tutaqdi. Ot izlari. Kechasi otlar oralab, istagancha yeb, ko‘p joyni payhon qilib ketibdi. Ekinni yana bir sidra ko‘zdan kechirib, jahl bilan ortiga qaytdi. U har kuni tush vaqti o‘rik soyasi tushib turadigan chorpoyada uxlaydi. Uyda yotay desa, chivin talab, tinch qo‘ymaydi. Fermer o‘zini to‘shakka tashladi. Bir ozdan keyin ko‘zi ilindi. Tush ko‘ribdi. Tushida yana o‘sha oq ot bulutlar uzra parvoz qilarmish, lekin qanotlari qayrilgan emish. U esa hayqirarmish. – Otasi, to‘g‘ri yoting, bosinqirayapsiz. – O, jonivor! – sakrab turib ketdi fermer. Xotini bosh chayqagancha nari jildi. Fermer yotgan joyida kalima qaytardi. Uxlashga harakat qildi-yu, bo‘lmadi. Ko‘zini yumdi deguncha ko‘z oldida o‘sha qanoti qayrilgan oq ot paydo bo‘lib, oromini o‘g‘irlardi. Qo‘shnisi Abdiboy janozasidan beri ayniqsa tinch uxlolmaydi. Abdiboy mahallaning eng badavlat odami edi. Ajal bunga qarab o‘tirmadi. Mol-dunyosining ham foydasi tegmadi. Oqqon ekan... U ham qabristonga bordi. Do‘ppayib turgan qabrga tikilarkan, seskanib ketdi. "Ertaga bir kun men ham...”. Uyiga keldi. O’tirolmadi. Xuddi derazadan azroil mo‘ralayotganday yuragi taka-puka edi. Yangi qazilayotgan quduq yonida o‘g‘li Shavkat va mardikor yigit turardi. Bordi. – Suv chiqib ketdi, – dedi yigit. – Iloji bo‘lmayapti. – Chelakda tortib tashlab qazinglar. – Foydasi yo‘q. – O’zim tushaman. Shavkat hayron bo‘ldi. "Otamga nima bo‘layapti?”, deb o‘yladi. Lekin fe’lini bilgani uchun indamadi. Beliga arqon bog‘lab tushirdi. Chelakni to‘ldirgach, tepadan tortishdi. Asta-sekin balandlab borayotgan chelakka tikilarkan, o‘takasi yorildi. Arqon uzilib tushib ketsa-chi? Peshonasini sovuq ter qopladi. Ikkinchi gal fermerni tortib olishdi... Qorong‘i tushganda ovqat pishdi, xotini yeb keting deganiga ham qaramay, qo‘shotarini yelkasiga ilib, dalasiga jo‘nadi. Saman qashqa qozig‘ini ekinga yetmaydigan joyga qoqdi-da, o‘zi ancha nari borib, xashaklar ustiga cho‘zildi. Qaysar fe’li bor edi. Qandaydir ish boshlasa, oxiriga yetkazmaguncha qo‘ymasdi. Bugun ham ekinni payhon qilgan otlarni bir yoqli qilmaguncha ko‘ngli joyiga tushmaydi. Zim-ziyo tun. Sanoqsiz yulduzlar jilva qilar, har-har zamonda biror yulduz kuchli nur sochardi-yu, birdan so‘nib, ko‘rinmay qolardi. Yaqinida chegirtka chirillaydi. Sal narida boshqasi jo‘r bo‘ladi. Shabada esib, tanga huzur bag‘ishlaydi. Naqadar go‘zal. Bunday kechada yulduzlarga tikilgancha dunyoni unutging keladi. Lekin ko‘ziga bu go‘zallik ko‘rinmaydi. Ko‘ngliga qil sig‘maydi. Fig‘oni ko‘kka chiqib, otlarni kutadi. Ko‘zi ilinib ketay deydi. O’rnidan turib o‘tiradi. Qovoqlarini uqalab, uxlamaslikka harakat qiladi. Bir ozdan so‘ng boshi og‘adi-yu, cho‘chib tushadi, sal o‘tmay yana shu ahvol. Idishdagi muzdek suvga yuzini chaydi. Qo‘rqinchli xayollar yana iskanjaga oldi. O’lim sharpasi ta’qib etayotganday hadiksirab miltig‘ini bag‘riga bosdi. Ko‘z oldiga yana Abdiboyning mag‘rur nigohi keldi. Shunday odam o‘tib ketdi-ya. Odamlar ham unuta boshladi. Mahallaga biror ish qilib qo‘ygan bo‘lsaki... Qirqi o‘tmay katta o‘g‘li ichib yurganini ham eshitdi. "Erta bir kun men ham... Abdiboyning kuni boshimga tushsa-ya. Nima qilib qo‘ydimki, odamlar eslasa. G’ulom oqsoqol xalqning qalbida abadiy yashaydi. Shuncha o‘zgarib ketdimmi?”. O’tgan yili uyiga qovun tushirgani yodiga keldi. Odamlarning ishini qilib kun ko‘rib yuradigan yolg‘iz qariya – Bektosh akanikiga bir-ikkita chiqarib beringlar demabdi ham. Qudug‘ini dastlab shu kishi qazib bergandi. Bu odamga qancha qarashsang ham davlating ketmasdi. Natijada nima bo‘ldi? Bozorda sotayotganda bir odam bilan tortishib qolib, qovunning bor pulini berib qutildi... Yo‘q, endi unday bo‘lmaydi. Ertadanoq aybini yuvadi. Avvalo sadaqa qilib yuboradi. Machit gumbazini tiklashga kirishadi... Yonida nimadir shitirladi. Ilon bo‘lsa-ya. Sakrab turib ketdi. Qovjirab qolgan qo‘ziquloq tanasi shabadada qimirlab turardi. Xudoga shukur. Tepa tugmalari yechilgan ko‘ylagining yoqasidan tutib, ko‘ksiga tufladi: "Buncha talvasaga tushmasam. Ajal tepamda turganday bezovtaman”. Nogoh ekinzorda qandaydir sharpa paydo bo‘ldi. Birdan sergaklandi. O’zi sezmagan holda qo‘shotarini to‘g‘irladi. Sharpa bemalol ekinni oralab, kurt-kurt ovoz chiqarib, u tomon bostirib kelardi. Tun sukunatini gumburlagan ovoz buzdi... O’g‘li Shavkat bilan qo‘shnisi Ibrohim yetib borganda hushidan ketgan, ekin ichida saman qashqa o‘lib yotardi. Ot arqondan yechilib, ekinni oralagan ekan. O’q peshonasini teshib o‘tgan, fermer mo‘ljalni aniq olgandi... Ismat fermer ahvoli og‘ir edi. Shavkat qishloq vrachi Qosim akani aytib keldi. U kerakli muolajani qilgach, tong otguncha o‘nglanmasa, shifoxonaga olib ketamiz deb tepasida o‘tirdi. Yarim kechadan oshganda qimirladi. Ko‘zlari pirpirab, nimalardir deb pichirladi. – Alahlayapti, – dedi doktor. – Xudo xohlasa ko‘rmaganday bo‘lib ketadi. – Ot, oq ot, – deb baqirib yubordi Ismat fermer. – U qaytayapti. Osmondan tushib kelayapti. Doktor tinchlantirishga harakat qildi: – Ha, otingiz shu yerda. Otxonada. – Yo‘q, ana u, meni olib ketsa kerak! Tinchlantiruvchi ukoldan keyin jim bo‘lib qoldi. Tongga yaqin ko‘zlarini ohista ochdi. Tepasida xotini, o‘g‘li va Qosim doktorni ko‘rib ajablandi. Shavkat boshini xiyol ko‘tarib piyolada suv tutdi. Qult etgan ovoz eshitildi-yu, bir necha tomchi lablari orasidan sizib chiqib, yostiqni ho‘l qildi. – Bir-ikki so‘m topdim deb, eng katta boyligim – iymonimni yo‘qotgan ekanman, o‘g‘lim. Ming osmonda bo‘lsang ham bir kun yerga tusharkansan. Eng yomoni, boshingga ajal soya solganda... Gaplarimni yodingda tut. Xalq bilan bo‘l. Machitni gumbaz qildirib, darvoza o‘rnatib ber. Hech qachon eldan chiqma. Shundagina men sendan rozi... Ismat fermer ortiq gapira olmadi. Boshi shilq etib yostiqqa tushdi. – Nima deyapsiz, ota? Siz hali ko‘p yashaysiz. Shavkat ho‘ngrab yig‘lab yubordi...
|