Masalliq:
1 kg oq un, 1 stakan iliq sut, 40 gr xamirturush, 150 gr eritilgan qo'y
yog'i yoki sariyog', 2 choy qoshig'ida tuz, yuziga sepish uchun 1
choy qoshigida sedana kerak.
Iliq sutda xamirturush va tuzni
eritib, dog'lab sovutilgan qo'y yog'i yoki sariyog' qo'shib yaxshilab
aralashtirasiz. So'ngra oz – ozdan un solib qattiq xamir qorasiz, uzoq
muddat mushtlab pishitganingizdan so'ng o'rab issiqroq joyda oshguncha
qoldirasiz. Ko'pincha xamirdan 500 grammli bo'laklar uzib olib,
zuvalalar yasaladi. Har bir zuvalani taxta ustiga qo'yib bir yonidan
chap qo'l bilan o'zingizga qaratib burab aylantirib, o'ng qo'lda
qirg'og'ini pichoq bilan tilib kungura solasiz, tepasini ham kesishma
chiziqli qilib tilib chiqasiz. Ana shunday tayorlangan zuvalalarning
tepasidan musht bilan ezib, so'ng barmoqlarni chaqqon ishlatib lagan
kattaligida non yasaysiz. Nonning chetlari 3 – 4 sm qalinlikda, o'rtasi
esa 1 sm keladigan bo'lsin. O'rtasiga juda zich qilib chikich urasiz va
yuziga sedana sepasiz. Hamma zuvalalardan patir yasab bo'lgach, yuziga
dasturxon yopib 15 – 20 minut tindirib qo'yasiz. Shu muddat ichida
tandirga o't qo'yib qizigach, cho'g'ni o'rtaga to'plab, ustiga kul
tortasiz, tandir devorlariga va patirning teskari tomoniga xiyol namakob
surtib, chaqqonlik bilan yopishtirasiz. Patir tandirda obi nonga
qaraganda uzoqroq ushlanadi. Yopilgan nonning sirti bir oz qotganda
bug' hosil bo'lishi uchun suv sevalaysiz va cho'g'ning yuzini ochasiz,
ba'zan tandirning qopqog'ini bir oz muddat berkitib dimlanadi.
Pishganligi sirti qizarganidan aniqlanadi. Tandirdan uzib olgach,
issig'ida yuziga bir bo'lak eritilmagan dumba yog'i surtsangiz chiroyli
chiqadi.