Asrashib birovdan qilishmayin kam, Qo'ndirmay kiprikka zarra g'ubor ham. Deyishib zurriyodim, Oppog'im, bolam, atrofda parvona Ota Onang bor. Boshingga tushganda tashvish-u g'amlar, Ustingga malomat yog'ilgan damlar. Yoningdan qochsalar yaqin odamlar, Hamisha kuyunchak Ota Onang bor. Dard chekib to'shakka botgan kunlaring, Eshikka termulib yotgan kunlaring. Kimnidir intizor kutgan kunlaring, So'roqlab keluvchi Ota Onang bor... Boshlari yostiqqa yetganida ham, Dunyoni tark etib ketganida ham. Qabrida jimgina yotganida ham, Pok ruhi madadkor Ota Onang bor...