Dilni ezib aytingiz-a, chayon bo`ldi,
Yuragingiz chaqqan bo`lsam qachon bitar?
Yaxshi bo`lib yaxshi bo`lib yomon bo`ldim,
Men yomonni xali yomon qadrim o`tar...
Tafti bo`lak bo`lar ekan ilk bo`saning,
Zavqi bo`lak bo`lar ekan dil so`zlarning,
Ko`z yoshiga aylanaman shu ko`zlarning.
Men yomonni xali yomon qadrim o`tar...
Mexr berib tashna bo`ldim mexringizga,
Qaynoq-qaynoq quchoq ochdim qaxringizga,
Bolish bo`lib botdimmi yor bag`ringizga
Men yomonni xali yomon qadrim o`tar...
Uyingizdan ketar bo`lsam bilinmasmish,
Ko`nglingizdan ketar bo`lsam ko`rinmasmish,
Muxabbatning qoidasi yo`q bo`larmish
men yomonni xali yomon qadrim o`tar...
Shamning kuygan kipriklari uzun-uzun,
Mensiz o`tkan yillar bo`lar tundan uzun,
O`ch olishday niyatim yo`q bular uchun
Men yomonni xali yomon qadrim o`tar...
Tikonlardan bezdingizmi gul uzolmay
Dard tashida devonasiz dil uzolmay,
Yorilasiz yolg`izlikka ko`nikolmay
Men yomonni xali yomon qadrim o`tar...
Sanardingiz yuzimdagi xolchalarni
Ilingandim labimdagi bolchalarni,
Yeng debmidim gilos qolib olchalarni?
Men yomonni xali yomon qadrim o`tar...
Suratimga so`zlayvermang chiqmaydi sas,
Chidolmasdan ishq axliga qilmangiz arz.
Sevmoq sunnat sevilmoqni deydilar farz,
Men yomonni xali yomon qadrim o`tar...
Ket deysiz-u ketmasimdan sog`inasiz
Ichib alam tutib qalam sog`inasiz,
Men yomonni xali yomon sog`inasiz,
men yomonni xali yomon qadrim o`tar...
Tosh qattiqmi bosh qattiqmi biling begim
Men ketaman Zaynablarga ko`ning begim,
Endi meni o`z xolimga qo`ying begim,
Men yomonni xali yomon qadrim o`tar...