Ko'z
atrofidagi teri juda yupqa, mayin, quruq bo'lishga moyil bo'ladi, aynan
shu bois ham ko'z atrofidagi teri kundalik nozik parvarish hamda
namlantirib turishni talab etadi. Agar siz qovoq terilariga yetarlicha
e'tibor qilmasangiz, unda ko'z atrofidagi ajinlar vaqtidan oldin paydo
bo'lishi turgan gap. Lekin bu hali yagona muammo emas. Shishgan
qovoqlar, qizargan ko'zlar, ularning ostidagi qora dog'lar bizni
ajinlardan ham ko'proq tashvishga soladi. Xo'sh, bu ko'ngilsizliklardan
xalos bo'lishning iloji bormi?
Kosmetologlar qovoq terisini 25 yoshdan keyin parvarish qilib
borishni, agar teringiz quruq bo'lsa, 20 yoshdan boshlab parvarish
qilishni maslahat berishadi. Parvarish ikkita asosiy bosqichdan iborat
bo'ladi: demakiyaj, ya'ni ko'zni makiyajdan tozalash va namlantirish.
Qovoq terisini tozalash ularning qon bilan ta'minlanishini yaxshilaydi
va ajinlarning muddatidan oldin paydo bo'lishiga to'sqinlik qiladi.
Ko'zni makiyajdan tozalash uchun pardoz suti yoki quyuq va yog'li
teksturaga ega pardoz qaymog'idan foydalangan ma'qul.
Quruq teri uchun aloe vera, kalendula va mavrak (shalfey)li pardoz
suti tavsiya etiladi. Ta'sirchan ko'zlar uchun bo'tako'z (vasilyok)
ekstrakti qo'shilgan vosita juda mos keladi. U shishlar, qizarish va
allergik qichishdan xalos qiladi. Shuningdek, undan charchoq ko'zlar
uchun kompress sifatida ham foydalanish mumkin.
Bir marta ishlatiladigan tozalovchi salfetkalar - demakiyaj uchun
pardoz sutining ajoyib muqobili hisoblanadi. Kosmetologlar ularni hatto
juda ta'sirchan terida ham yoki linza taqsangiz ham tavsiya etishadi.
Salfetkalar gipoallergen bo'lib, bioproteinlar va E vitamini bilan
namlantirilgan. Shunday ekan, siz nafaqat teringizni tozalaysiz, balki
bir paytning o'zida uni namlantirasiz ham.
Xuddi yuz uchun tonik yoki krem kabi demakiyaj uchun universal
vositadan foydalanish ko'pgina ayollarning eng katta xatosi hisoblanadi.
Kechqurun bunday vositadan foylanasiz, ertalab esa shishgan va qizargan
ko'zlarga ega bo'lishingiz mumkin. "Yuz terisi uchun foydalanadigan
barcha vositalar qovoq terisiga umuman to'g'ri kelmaydi. Qovoq terisi
uchun alohida pardoz vositalaringiz bo'lishi kerak, deya ta'kidlaydi
"Medeya" salonida ishlovchi kosmetolog Marina Arseneva. - Muammoli teri
uchun gellarni, shuningdek har qanday sovunni umuman ishlatmaslik zarur.
Bunda siz nafaqat shish va allergiyani, balki ajinlarni ham orttirib olishingiz tayin".
Bundan tashqari, ko'zni makiyajdan tozalash uchun yaxshi vositani
tanlabgina qolmasdan, undan to'g'ri foydalana bilish ham juda muhim.
Qovoqlarga surilgan tenlar va podvodkani ko'zning ichki burchagidan
tashqi burchagi tomon harakat qilgan holda tozalaymiz. Kipriklar esa,
orqa-oldinga qilingan harakatlar bilan emas, balki yuqoridan pastga
qarab tozalanadi. Har bir ko'z uchun alohida yangi momiqli sponj
ishlatamiz. Unga tozalovchi vositani juda ko'p qo'yish shart emas, aks
holda u ko'zga tushishi va uni achitishi mumkin.
Qovoq terisini namlantirish va oziqlantirish
Kechki parvarish. Ko'z makiyajdan tozalanganidan
keyin qovoqlarga yengil nuqtali urishlar yordamida krem suramiz.
Harakatlar ko'zning tashqi burchagidan burun tomonga qaratilgan bo'lishi
kerak. Krem teriga uqalab singdirilmaydi, aksincha u o'zi singib
ketgunga qadar kutiladi. Qovoq parvarishi uchun yengil emulsiyalarni va
yog'lar asosidagi gelsimon kremlarni tanlagan ma'qul. Ular terini
namlantiradi va tonusini oshiradi, ko'z atrofida joylashgan limfa
tomirlarining faoliyatini yaxshilaydi.
Agar ko'z atrofida ajinlaringiz bo'lsa, unda sizga kollagen asosidagi
krem kerak bo'ladi. Yoshi ulg'aygan teri uchun krem-gellarni emas,
balki keksayishga qarshi, masalan revitolli yoki kamfara moyi qo'shilgan
emulsiyalar va zardoblarni tanlagan yaxshiroq.
Shishgan va qizargan qovoqlar
Ko'zingizdagi kosmetikani to'g'ri tozalab, qovoqlarni krem bilan oziqlantirsangiz ham, agar to'yib uxlamasangiz yoki noqulay karavotda yoki yostiqda uxlasangiz, baribir toliqqan ko'zlar va shishlardan xalos bo'lmaysiz.
Kichik tomirchalar yorilishi natijasida qizargan ko'zlar - to'yib
uxlamaslikning yana bir oqibatidir. Ko'zlardagi qizarishni bartaraf
etish uchun ko'zlaringizni yumgan holda ularning ustiga bodring
parrakchalarini yoki qora choyga yoki moychechak, yalpiz, mavrak
(shalfey) yoki jo'ka guli (lipoviy svet) damlamasiga (bir stakan qaynab
turgan suvga bir osh qoshiq giyoh) namlantirib olingan momiqni qo'ying.
Gap shundaki, shishgan qovoqlar va ko'z atrofidagi ajinlar uyqu
paytida boshni noto'g'ri qo'yish oqibatida ham paydo bo'ladi. Haddan
tashqari baland yostiq qovoq terisidagi vena oqimini buzadi va
ko'zlarning solqishiga olib keladi. Yuzni yostiqqa qo'yib yotish,
ko'zlar atrofida chuqur ajinlar paydo bo'lishiga turtki bo'ladi, shu
bois qorin bilan yotish tavsiya etilmaydi. Yostiq silliq hamda lateks
yoki xotirali ko'pikdan tayyorlangan bo'lishi lozim. Bunday material
boshingizning holatini fiksatsiya qiladi va uni eslab qoladi. Shuningdek
grechka po'chog'i bilan to'ldirilgan yostiq ham ajoyib narsa
hisoblanadi, lekin po'choq shiqirlagani bois, ko'pchilik bunday yostiq
uxlashga xalaqit berishidan shikoyat qiladi.
Bundan tashqari, yaxshi shamollatilgan xonada, elektromagnit
nurlanish manbai, ya'ni televizor, kompyuter yo'q xonada sutkasiga
kamida 8 soat uxlash zarur. Karavot shimol-janub yo'nalishida turishi
lozim. Tezroq uyquga ketish uchun uyqu oldidan bo'shashtiruvchi issiq
vanna qabul qiling va bir stakan asalli sut iching.
Lady.pravda.ru