Kamina Botir Qodirov 1981 yil 6 mayda Andijon viloyatida tavallud topganman. San'atkor oilasida ulg'aydim. Onam O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Zulxumor Qodirovaning duolari sabab el mehrini qozondim. Bolaligimda san'atkor emas, aksincha huquqshunos bo'lishni orzu qilganman. Ammo taqdir ekan, voyaga yetgach san'at yo'lini tanladim. Aziz Zaynobiddinov, Orolmirzo Safarov va Musaxon Nurmatovni ustozlarim sifatida hurmat qilaman. Tor, gitara va boshqa zarbli asboblarni chala olaman. Avvaliga gitara chalib, atrofdagilar nazariga tushganman. Ilk qo'shig'im — "Adashdim”ni 2006 yilda ijro etganman va uning bu qadar mashhur bo'lishi o'sha paytlarda xayolimga ham kelmagan. Fe'l-atvorim og'ir, bosiq. Xayotda ancha kamgapman. Mulohaza bilan ish yuritishni xush ko'raman. Yolg'iz qolishni yoqtiraman. Yolg'izlik menga ko'proq o'ylash, mulohaza yuritish va ijod qilish imkonini beradi. Rostgo'ylikni qadrlayman. Rost so'z men uchun har qanday mukofotdan ham ustun turadi. Insonlar bilan muloqotda samimiy bo'lishga intilaman. Va o'z navbatida menga samimiy munosabatda bo'lganlarni ham qadrlayman. Ikki og'iz shirin so'z menga katta kuch va ilhom bag'ishlaydi. Bo'sh vaqtlarimda bilyard o'ynashni xush ko'raman. Shuningdek, suzish bilan ham muntazam ravishda shug'ullanib turaman. Xayotdagi maqsadim: O'zbekiston xizmat ko'rsatgan hamda Xalq artisti unvonlariga sazovar bo'lish, yurtimizning eng ulug' bayrami – Mustaqillik kunida, shuningdek, milliy an'analarimiz aks etgan Navro'z tantanalarida o'z san'atim bilan ishtirok etish. Shu bilan birga butun dunyoda xonanda sifatida nom qozonish. Chet ellarda o'zbek san'atini namoyish etish, ovozim bilan chet elliklarni hayratga solish, yurtimga faqat va faqat olqish olib kelish. Orzuim esa... erta menga nima olib kelishini bilmayman. Lekin vaqti kelib, kutilmagan, hayotimda tub burilish yasaydigan voqea ro'y berishiga ishonaman... Va kutaman!