Allaqachon hech nima bo`lmagandek yangi yilning voqealarini sizlarga havola etishga kirishdik. Mayli, jarayon davom etaveradi. Ammo o`tgan kunni qisqa fursatda esdan ham chiqarib bo`lmaydi. Qolaversa, unda qancha-qancha unutilmaydigan voqealar bo`lgan bo`lsa! Shuning uchun biz muxlislarimizga san`at olami uchun 2010 yil qanday kecgachganini qisqa satrlardagi hisobotimiz orqali havola etmoqchimiz. Shunga qarab o`tgan yil nufuzi yoki samarasi sizga ma`lum bo`ladi. Demak, boshladik…
YIL SHODIYONALARI
· Shou-biznes olami bu yil eng quvonchli to’ylarga boy bo’ldi. Avvaliga 24 may kuni Ulug’bek Rahmatullayev bo’ydoqlar safidan voz kechgan bo’lsa, iyun oyida Farrux Komilov ham uylanish baxtiga muyassar bo’ldi. Avgustning 10 kunida san’at olamini "shok”ka solib Sharof va Sevinch turmush qurishdi. Yilning eng esdan chiqmaydigan kuni ya’ni 10.10.10 sanada esa Sardor Rahimxon ham o’z baxt to’yini omma e’tibori bilan birga o’tkazdi.
· Aktyorlar Mehriddin Rahmatov, Shohida Uzoqova, xonandalar Lola Ahmedova, Toir Qo’ziyevlar uchun o’tib borayotgan yil quvonchli keldi. Ular O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist unvoniga sazovor bo’ldilar.
· Ozodbek Nazarbekov O’zbekiston xalq artisti bo’lgan bo’lsa, shoir Bobur Bobomurod O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi unvoni bilan taqdirlandi.
· Xonanda Anvar va Og’abek Sobirovlar hamda Ozodbek Nazarbekov o’g’il to’yi qilib yurtga osh berishdi..
· Tv-olamida "Kinomaniya” ko’rsatuvi muallifi Lola Zunnunova va TV M kanali boshlovchisi Roksananing turmushga chiqishi ham ko’pchilik e’tiborini tortdi. Axir ularning muhabbat tarixi hech kimga oshkor bo’lmagandi-da.
· Raqqosa Muhabbat Qurbonova uchun ham bu yil zafarli keldi. Avvaliga ilk yakkaxon konsert dasturini "Istiqlol” san’at saroyida nishonlagan raqqosa, oradan uch-to’rt oy o’tib turmushga chiqdi. Bu raqs olamida so’nggi yillarda eng kam kuzatilgan holat bo’ldi.
YIL DAVOMIDA SЕZILMAGAN XONANDALAR
Nilufar Saidova, Ruslan Sharipov, Ravshan Sobirov, Umida Mirhamidova, Firdavs, Shoxrux.
YIL KONSERTLARI
· Gulsanam Mamazoitova bu yil ham o’z an’anasidan chekinmagan holda eng qimmat dekoratsiyali konsert taqdim etgan xonanda bo’ldi.
· Rayhon G’aniyevaning fevraldagi 4 kunlik konserti avvalgi yillardagiga nisbatan shov-shuvlarga aylanmayotgan bo’lsa-da, ammo u ham yilni konsertsiz o’tkazmayapti. Uning dasturi eng qiziqarli konsert nomini oqlashda davom etadi.
· Ozodbek Nazarbekovning konserti ushbu yilda rostmona shov-shuvga aylandi va eng ko’p kunlik konsert e’tirofiga sazovor bo’ldi. So’nggi kunlari ikki seansdan konsert qo’yilganini hisobga olsak, 18 kunda 23 ta konsert dasturi.
· Og’abek Sobirovning konserti eng esda qolarli va shov-shuvli konsert bo’ldi. "Xorazm bulbuli” bu gal 10 kunlik konserti bilan barchani hayratga solgan bo’lsa, sahnada hech qanday ovoz kuchaytirgich asboblarsiz sof jonli ijroda ashula kuylab barchani "shok”ka soldi.
· Ulug’bek Rahmatullayevning 24 sentyabrda bo’lib o’tgan ilk yakkaxon dasturi eng quvnoq konsert nomiga sazovor bo’ldi.
· "Bojalar” guruhi bu yil eng tomoshabop konsert bera oldi. Teatrlashtirilgan sahna ko’rinishlari hamda "Quvnoqlar va zukkolar” tanlovi ishtirokchilarining qiziqarli chiqishlar muxlislarni qiziqtirmay qolmadi.
· Zulayho Boyxonova ham ikki kunlik konsertlarini an’anaga aylantirayotgan bo’lsa-da, uning dasturi eng jim-jit konsert deya baholandi. Negaki, na konsert oldi shov-shuvlar na kontsertdan so’ng konsert haqida muhokamalar bo’ldi. Hattoki, bu konsertning bo’lgan-bo’lmaganligini ham ko’pchilik bilmay qoldi.
· Yodgor Mirzajonovning 5 yillik tanaffusdan so’nggi ikki kunlik konserti eng ajoyib konsert bo’ldi. Negaki, yevropa harbiylariga oid liboslar birinchi marotaba sahnada aynan Yodgor tomonidan qo’llanildi.
· Lolaning shou-biznesga qaytishiyu, 3 kun davomida konsert berishi barchani hayratga soldi. Shunday bo’lsa-da, uning dasturi eng yaxshi shou konsert degan e’tirofga sazovor bo’ldi.
· Adham Soliyevning konsertlar tanaffusidan qaytgani va konsert berishi xonandaning yana reytingparad uchun bel bog’laganini ko’rsatdi. "Borligingning o’zi baxtimdir” dasturini eng chapani konsert degan ta’rifga sazovor etamiz.
· Hattoki san’at ahlini ham o’z konsertiga kirishga haqiqiy iste’dodi bilan majbur qila olgan Ziyodaning ilk yakkaxon konserti haligacha eng antiqa konsert deya eslab kelinyapti. Sababi unda ko’pchilik san’atkorlar uchun ham yangiliklar jamlangan edi.
· Mahmud Namozovning ilk yakkaxon dasturi esa eng yaxshi milliy konsert sifatida e’tirof etildi.
· Yilni esa Rustam G’oyipov o’z konsert dasturi bilan yakunlab berdi. Bu dasturni eng sog’inchli konsert desak xato qilmaymiz. Negaki, deyarli 15-20 yillik tanaffusdan so’nggi konsert o’sha davrdagi muxlislarni bir necha soatlarga yoshligiga qaytara oldi.
Yil davomida yurtimizga tashrif buyurgan xorij yulduzlari
· "Aksent” guruhining tashrifi shu yo’nalish ommalashuviga hissa qo’shganlarning quvonchiga sherik bo’lgandi desak, mubolag’a bo’lmaydi. "Terra” radiosining tug’ilgan kuniga tashrif buyurgan guruhning konserti fevral oyida "Akva park”da bo’lib o’tgandi.
· 4 aprel kuni "Istiqlol” san’at saroyida sharq musiqasi qiroli Ibrohim Tatlisas o’z konsertini taqdim etdi.
· Dunyoga mashhur opera yulduzi Xose Karrerosning konserti xos san’at shinavandalari uchun ajoyib sovg’a bo’la oldi.
· 6 dekabr kuni Italiyaning mashhur san’atkori Toto Kutunyo yurtimiz san’at dunyosi mehmoni bo’ldi.
YIL QUVONCHI
Sevara Nazarxonning rus shou-biznesi primadonnasi Alla Pugachyova tomonidan o’z o’rniga munosib xonanda sifatida e’tirof etilgani rostmona shov-shuv sifatida qabul qilindi.
YIL JUDOLIKLARI:
Hayotning beshafqatligi tufayli bu yil ham yuragimizda bir olam qayg’u bilan san’atimizning bir nechta darg’alari va sevimli insonlarimizni so’nggi yo’lga kuzatishga majbur bo’ldik...
29 aprel kuni O’zbekiston xalq artisti Malik Qayumov 98 yoshida dunyodan o’tdi. 15 sentyabr kuni O’zbekiston va Qoraqalpog’iston xalq yozuvchisi Tulepbergen Qayipbergenov 81 yoshida vafot etdi. · 11 sentyabr kuni Radius-21 nomi bilan san’at olamida tanilgan Shahzodbek G’ulomov hayotdan ko’z yumdi. · 4 oktyabr kuni san’atimiz darg’asi, O’zbekiston xalq artisti, dunyoga mashhur balet ustasi Galiya Izmaylova 87 yoshida mangulikka rixlat qildi... · 13 dekabr kuni vafot etgan O’zbekiston xalq shoiri Jumaniyoz Jabborov 80 yoshda edi. · 21 dekabr kuni O’zbekiston xalq yozuvchisi Primqul Qodirov 82 yoshida bu yorug’ olam bilan xayrlashdi. · Ravshan Komilov va Ilhom Farmonov, Uchqun Tillaevlar otasidan judo bo’lgan bo’lsa, Shuhrat Qayumov onasini so’nggi manzilga kuzatdi.
YILNING NOXUSH HOLATI
· Qiziqchi Valijon Shamshiyev yangi filmini suratga olish jarayonida otdan yiqilib, bosh qismidan jarohat oldi. Bir necha oylik muolajalardan so’ng u yana ijodga qaytdi.
|