Категории раздела

O'zbek Filmlar

Seriallar

Multfilmlar

Konsertlar

Kliplar

MP3 Fayllar

Islamic

Yangiliklar

She'rlar

Hikoyalar

Quyuq Taomlar

Chet El Taomlari

Salatlar

Shirinliklar

Foydali Maslahatlar

Salomatlik Sirlari

Har-Xil

Kulgu

Поиск
Мини-чат
Календарь
Архив записей
Наш опрос
Saytga baho bering !
Hamma javoblar: 1448
Статистика

Главная » 2011 » Yanvar » 16 » GULSANAM MAMAZOITOVA BILAN 2011 SONIYALIK SUHBAT. “MENDA YETAKCHILIKKA INTILISH YO`Q!”
20:34
GULSANAM MAMAZOITOVA BILAN 2011 SONIYALIK SUHBAT. “MENDA YETAKCHILIKKA INTILISH YO`Q!”

Aynan yangi yilning ilk kunlarida nega Gulsanam Mamazoitova bilan suhbat, deb hayron bo’layotgandirsiz, buning o’ziga yarasha sabablari bor. Shu oyda o’zining besh kunlik konsert dasturi bilan muxlislarni xursand qilishga harakat qilayotgan xonandamiz san’atda hamma narsani o’z vaqtida amalga oshira olayotganligi bilan ham tilga olinadi. Masalan, o’z vaqtida mashhur bo’lish, o’z vaqtida turmushga chiqish, farzandli bo’lish va yana ijodga sho’ng’ish. Bunday o’ylab qarasangiz bir qizning risoladagidek hayot tarzi. Ammo ko’pchilik shuni ham eplay olmayapti-da. Mayli bayram kunlarida boshqalar qilgan ishlarni yoki gapirgan gaplarini muhokama qilib o’tirmaymiz-da, sevimli xonandangiz bilan bayramona suhbatni sizga havola etamiz.

— Yangi yildan ko’pchilik qandaydir yaxshiliklar kutishadi... Siz nima kutyapsiz?

— Yangi yildan biror narsa kutsangiz, o’zi olib kelib bermaydi. Shunchaki, yaxshi niyatlar qilish kerak va uning amalga oshishishi Yaratgandan so’rash kerak bo’ladi. Bu borada Gulsanam Mamazoitova ham shunday yo’l tutadi.

— Yillar o’tdi. Gulsanam Mamazoitova ona bo’ldi.. Bugun onangizning qaysi holatini tushunyapsizu o’zingiz qay darajada yaxshi ona bo’la olyapsiz?

— Oh, onajonimning kechinmalarini endi tushunyapman. Axir onam uch farzandni yolg’iz o’zlari tarbiyalaganlar. Men esa bittagina qizimga ham ba’zida vaqt ajrata olmay qolaman. Lekin iloji boricha birga bo’lishga harakat qilyapman.

— Qizingizni bir paytlardagi jajji Gulsanam bilan solishtirganda...

— Ko’p jihatlarimiz o’xshash. Masalan, san’atga bo’lgan qiziqishi bor, sersalomligi, hech kimni xafa qilmasligi o’xshaydi. Hatto, bolalarga "babu” deb qo’rqitasiz-ku. O’sha babuni ham oppoq deydi.  

— Injiqligi-chi?

— Injiqligi otasiga tortgan (kuladi).

— Gulsanam bugun: passiv, shijoatkor, nima bo’lsa bo’larchi... Qaysi biriga moyilsiz?

— Bugun "Oltin o’rtalik”dagi ijodkorman. Hammasini bir maromda ushlashga kirishganman.  

— Ro’zg’orning kamini qanday yopyapsiz?

— Ro’zg’orning kami haqida erkaklar o’ylashadi. Biz ayollar esa ular topib kelganini eplasak bo’lgani.

— Epli-sepli ayol bo’la olyapsizmi?

— Albatta, avvaldan shunday bo’lgan.

— Qizingizning birinchi so’zi... U sizni esladimi yoki otasini?

— Otasini... Bundan xafa bo’lganim yo’q. Negaki, qiz bola otasiga mehribon, o’g’il bola onasiga deyishadi-ku. 

— Farg’onaga qancha fursatda borib turasiz?

— Ilgari ko’p borardim, hozir xohlagan paytimda bora olmayman. Faqat xizmat va qarindoshlarning to’y-hashamlarini aytmasa... Ijoddan ortmay qoldik.

— Yana konsert boshladingiz... Nega endi yanvar siz uchun an’anaviy konsert oylariga aylandi? Qolaversa yana ko’p kunlik?

— Shu borada ko’pchilik jurnalistlar konsertlar mavsumidan qo’rqqaningiz uchun shunaqa qilasizmi, degan savollarni ham berishdi. Bu yerda gap konsertlar mavsumidan qo’rqish yoki nimadandir vahimaga tushishda emas. Agar yaxshi konsert bo’lsa, muxlis yozning jaziramasi bo’ladimi yoki qishning chillasidami kelaveradi. Faqat yaxshi dastur havola eta olish kerak xolos.

— Nega aynan yanvar?

— Bu shunchaki tasodif tufayli duch kelingan holat. Endi-endi bu an’anaga aylandi. Bir tomondan shu bilan yil konsertlarini boshlab beraman.

— Demak, zimdan bo’lsa-da tabiatingizda yetakchilikka intilish bor...

— Yetakchilikka intilish yo’q. Yanvarda konsert boshlaganim uchun shunga majburman demoqchiman.  

— Bugun konsert berishga ham ko’pchilikning yuragi chidamay qoldi. Harajatning ko’pligidan...

— Harajatu tashkiliy ishlar bilan tashkilotchilar shug’ullanishadi. Men hozir faqat va faqat dasturda turli mavzudagi va saviyali qo’shiqlar bo’lishini ta’minlashim kerak xolos. Negaki, konsertdan chiqqan odamlarda konsertning sahna ko’rinishi emas, balki, ko’ngliga yoqqan qo’shiqlar esda qoladi xolos.

— Bu gal faqat yaxshi qo’shiqlar konsert kulminatsiyasiga aylanadi, shundaymi?

— Ha, masalan, "Yolg’iz ona nolasi”, "Hayot”, "Xorazmning lazgisida ko’p gap bor” degan ko’shiqlarimiz muxlislarga ma’qul kelishidan umidim katta.

— Har yili konsert uchun qurilgan muhtasham dekoratsiyalarda o’zingizni qanchalik qulay his qilasiz?

— Shu masalada ham tanqidlar bo’lgan. Men imkoniyatimdan kelib chiqib ijod qilaman va harakatlarim ham shunga moslashadi. Yuqorida aytganimdek, qo’shimcha jihatlar ikkinchi darajada.

— Umuman, menga bo’layotgan tanqidlarning barchasi noo’rin demoqchimisiz?

— Agar to’g’ri tanqid bo’lsa qabul qilaman, noto’g’ri bo’lsa ahamiyat ham bermayman. Ortiqcha tanqidlarni yoki gap-so’zlarni xayolimda saqlamayman. Gina saqlaydigan odatim ham yo’q.

— O’zbek shou-biznesida Otabek Muhammadzohid va Ozodbek Nazarbekovdan tashqari yana siz ishqibozlik qilayotgan xonanda?

— Yaxshi san’atkorlar ko’p va mening ular bilan munosabatlarim joyida. Masalan, Jahongir Otajonov va Otajonovlar sulolasi, O’lmas Olloberganov, Soyibjon Niyozov, Og’abek Sobirov va hokazo san’atkorlarga hurmatim baland. Umuman olganda milliy estradada bemalol kuylay oladigan san’atkorlarni hamisha yaxshi e’tirof etaman. Ayniqsa, Og’abek Sobirovning bu yilgi konsert dasturini tomosha qilayotib ikkita qo’shiqni sahnada hech qanday ovoz kuchaytirgich moslamasiz kuylaganini ko’rib maza qildim. Haqiqiy san’atkorlar mana shunaqa burilishlar qila olishi kerak.  

— Siz ham shunaqa usulni qo’llashingiz mumkinmi?

— Albatta. O’ylaymanki, maqom yo’nalishida tahsil olgan barcha san’atkorlarga bu usul tushadi. Negaki, ularda ovoz birinchi o’rinda.

— Og’abekning konsertini diskda ko’ribsiz. Qaysi san’atkorning dasturiga tushdingiz?

— Ziyodaning konsertiga tushdim. Birinchi konserti bo’lganligi uchun biroz hayajonlanishlar bo’ldi-yu, ammo menga yoqdi.  

— Ziyoda, Manzura, Rayhon. Kimning reytingi baland?

— Bu uchchalasining ham o’ziga yarasha professionalligi bor. Qolaversa, o’z dunyosi, o’z yo’nalishi bor. Shuning uchun ularni bir-biriga taqqoslash kerak emas. Masalan, Rayhon san’atkorlar oilasidan, Manzura ham konservatoriyada tahsil olgan, Ziyodaning kuchli san’ati bor va hokazo.

— O’zbek kino olamidan qanchalik boxabarsiz?

— Unchalik emas. Vaqtim bo’lsa, yaxshi suratga olingan filmlarni tomosha qilaman. Bachkana filmlarni tomosha qilmayman.

— Negadir, o’tgan yillar mobaynida kinoda suratga tushishga qiziqish bildirmadingiz...

— To’g’ri, takliflarning barchasini rad qilganman. Har bir sohani o’z ustasi bajargani ma’qul. 

— Bugun kinoga san’atkorlarning barchasi yaxshigina reklama vositasi sifatida qarashyapti...

— Bu noto’g’ri. Kino ham o’ziga yarasha kasb. Uni xobbi qilish kerak emas.  Keyin men ayrimlarga o’xshab bu qo’shimcha ish deb ham ketmayman. Menga nima to’g’ri keladi, kelmaydi, shunga ko’proq ahamiyat beraman.

— Yil so`nggida shou-biznesdagi taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi. Nomzodlar orasida nega men yo’qman, degan fikr o’tmadimi?

— Yo’q, ochig’ini aytsam televizor ko’rishga ham fursat yo’q edi. Tv-markazni ham mana qo’shiq yozish jarayonida "Tarona”ga kelib ko’ryapman. Nomzodlik borasida esa Yaratganga shukurlar bo’lsinki, "O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist” degan yuksak unvonga sazovor bo’lganman.

— Aynan sizning ovozingizga taqlid qilayotgan uch yosh xonanda qizlarni tinglayapmiz. Ular Gulsanam Mamazoitovaning izdoshlarimi?

— Yo’q. Shunchaki ular ijodlarining boshlanishida menga havas qilishayotgan bo’lishsa kerak. Kun kelib o’z yo’llarini topib ketishlariga ishonaman.

— Demak, boshlanishida kimgadir taqlid qilishning zarari yo’q...

— Bu holat hammada bo’ladi-ku. Masalan, "Janon bo’laman”ni baribir kuylashga to’g’ri keladi. Xalq nimani so’rasa, bilsam aytaman. Hatto u qaysidir san’atkorning qo’shig’i bo’lsa ham.


— Kimlardir bu holatni o’z g’ururi sinishi deb biladi...

— Shunday o’ylaganlar o’zlarini aldagan bo’lishadi.

— "Quyon yili” kirib keldi. Shu muchal yili bilan bog’liq xotira bormi?

— Albatta, axir bundan 12 yil oldin ya’ni 1999 yilda san’atda Gulsanam Mamazoitova ismi yangrashni boshlagandi. O’sha paytda nasib etsa, hali yaxshi san’atkor bo’laman, deb niyat qilgandim. Bugun shu niyatlar amalga oshyapti.

Suhbatimiz roppa-rosa 2011 soniyaga yetganda, to’xtatishga qaror qildik. Bu daqiqa hisobida 33,5 daqiqadan sal ko’proq vaqtni tashkil etdi. Umid qilamizki, hayotimiz o’tayotgan vaqtlarda emas, balki esda qolarli soniyalar bilan go’zallashib boraversin!

Категория: HAR XIL | Просмотров: 1363 | Добавил: Kelinchak | Рейтинг: 5.0/1
Всего комментариев: 2
0  
2 Angeloza   (17.01.2011 14:00) [Izoh]
Spasibo

0  
1 shirina   (16.01.2011 22:19) [Izoh]
RAXMAT

Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]